Bu haqda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, Davlatobod tumani va Namangan shahrida yashovchi ikki nafar ayol oldindan til biriktirgan holda, turmushidan ajragan yosh ayollarni chet davlatga, xususan, Turkiyaga yuborishga harakat qilayotgani haqida tezkor maʼlumot olingan.

Aniqlanishicha, ular Yangi Namangan tumanida yashovchi 2001-yilda tugʻilgan qizni turli vaʼdalar va yolgʻon maʼlumotlar orqali ishonchiga kirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Anqara shahriga joʻnatishga uringan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddi idoralar fuqarolarni chet elda yuqori daromadli ish vaʼdalarini tekshirmasdan ishonmaslikka, shubhali takliflar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirmoqda.