Tadbirda Germaniya va O‘zbekiston biznes hamjamiyatining 100 dan ortiq vakillari, investorlar, shuningdek, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari va mutaxassislari qatnashdi.

Konferensiyani o‘tkazishdan maqsad ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish, ikki tomonlama savdoni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va tashabbuslarini ilgari surish istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlash, umuman, har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdir.

Konferensiya dasturiga «Agrosanoat sektori», «Tog‘-kon sanoati va metallurgiya» va «Kimyo sanoati» kabi eng istiqbolli tarmoqlar bo‘yicha ma'ruzalar va taqdimotlar kiritildi. Mintaqada ish olib borayotgan nemis kompaniyalari o‘z faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi va tegishli sohalarda tajriba almashdi.

Konferensiya doirasida B2B va G2B formatidagi muzokaralar va uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi, unda har ikki mamlakat siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.