Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari vaziri Muhammad al-Qarqoviy va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati hamda boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etdi.
Akseleratorning asosiy vazifasi davlat organlari va tashkilotlari resurslarini jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni tez va samarali hal etishdan iborat. Akselerator guruhlari har bir 100 kunlik muddat ichida maxsus yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida davlat organlari, xususiy sektor va boshqa manfaatdor tomonlar bilan ishlaydi.
Tadbir doirasida, Akselerator rahbariyati birinchi 100 kunlikda toʻrtta yoʻnalish, yaʼni qurilishga ruxsat berish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish va kommunal toʻlovlar uchun yagona billing tizimini yaratishni soddalashtirish boʻyicha erishilgan natijalar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
Shunday qilib, barcha masʼul idoralar ishtirokida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida qurilish ruxsatnomasini olish muddatini 246 kundan 84 kungacha qisqartirish hamda jarayonni onlayn rejimga toʻliq oʻtkazish imkoni yaratildi. Ayni paytda jarayonni yana-da optimallashtirish va hududlarda elektron tizimni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi. Toshkent viloyatining Buka tumanida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Akselerator jamoasi tadbirkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor va “Ayollar daftari” reyestriga kiritilgan 55 nafar ayollar roʻyxatini shakllantirdi. Kasb-hunar kurslari tashkil etilib, loyiha ishtirokchilariga biznes-rejalarni ishlab chiqish, oʻz korxonalarini roʻyxatga olish va imtiyozli kreditlar berilishiga koʻmaklashildi.
Shuningdek, Akselerator tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi. Takliflar loyiha hujjatlarini idoralararo kelishish jarayonini soddalashtirish, qurilishning bosh rejalari va ularni ishlab chiqishga sarflanadigan vaqt va xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
20 milliondan ortiq kommunal xizmatlari isteʼmolchilarining maʼlumotlari qayta ishlanib, yagona isteʼmol identifikatori sifatida foydalaniladigan jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari (JSH SHIR) asosida kommunal xizmatlar oʻrtasida isteʼmolchilar maʼlumotlarining integratsiyasi taʼminlandi.
BAA tomoni Akseleratorning natijadorligi va Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturini hayotga tatbiq etishda erishilgan muvaffaqiyatlar boshqa mamlakatlarda bunday mexanizmni joriy etishda kuzatilgan natijalardan ancha yuqori ekanligini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Marosim ishtirokchilariga fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini baholash, BMT standartlariga muvofiq Oʻzbekiston energetika sohasida statistikani shakllantirish, korxonalar uchun reyting tizimini joriy kabi yangi 100 kunlik muddat doirasida Akselerator ishining asosiy yoʻnalishlari taqdim etildi.
Umuman olganda, BAA hukumati koʻmagida amalga oshirilayotgan Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturi 25 yoʻnalishni, jumladan, Milliy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, davlat xizmatlarini takomillashtirish, “biznesni yuritish” reytingida Oʻzbekiston pozitsiyasini yaxshilash, innovatsiyalarni joriy etish, soliq va bojxona maʼmurchiligini, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish amaliyotini takomillashtirish hamda rahbar kadrlarni tayyorlash va davlat organlari uchun kadrlar zaxirasini yaratish va boshqa sohalarni oʻz ichiga oladi. Ushbu dastur ijrosi doirasida Oʻzbekiston va BAAda 5 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan 124 ta seminar hamda 100 ga yaqin turli qoʻshma tadbirlar tashkil etildi.