Forumning maqsadi — huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga Oʻzbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlarni namoyish etishdan iborat.
II Xalqaro yuridik forumning bosh mavzusi “Huquq 4.0” (Huquq toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida). Forum Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda. Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda davlatning huquqiy siyosati, davlat organlarining ochiqligini taʼminlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy (ingliz) huquqi tizimi, Kornovirus cheklovari davrida mediatsiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, siyosatni amalga oshirish (policy implementation), sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini taʼminlash hamda boshqa dolzarb mavzularda muhokama sessiyalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat xizmatlari, huquqiy axborotni tarqatish, advokatura va notariatni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan davra suhbatlari boʻlib oʻtadi.
Forumning asosiy tili oʻzbek tili. Ingliz va rus tillariga sinxron tarjima amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi