Toshkentda ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari boʻyicha xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda

    Toshkent shahrida 2025-yil 6–8-oktyabr kunlari “Markaziy Osiyoda ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.

    Ushbu nufuzli anjuman “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jahon banki, Shveysariya iqtisodiy masalalar boʻyicha davlat kotibiyati (SECO) hamda Koreya hukumati (KGTF) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Uch kun davom etadigan konferensiya doirasida suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini samarali tashkil etish, sohada raqamli yechimlarni joriy qilish, institutsional transformatsiyani amalga oshirish, aktivlarni boshqarish, malakali kadrlar tayyorlash va sohaning barqarorligiga qaratilgan keng koʻlamli masalalar muhokama qilinmoqda.

    Shuningdek, tadbir doirasida suv taʼminoti sohasini moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari, xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari hamda Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslarini boshqarish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan alohida sessiyalar tashkil etilmoqda.

    Konferensiyada soʻzga chiqqan “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruv raisi Ahmad Suvankulov oʻz nutqida taʼkidlashicha, 2025-yilning oʻzida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2 milliard 180 million dollar boʻlgan 21 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida:

    • 4,1 million nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti,
    • 2,1 million nafar aholining oqova suv xizmatlari sezilarli darajada yaxshilanadi.

    – Sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va davlat rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 82,1 foizga, oqova suv xizmatlaridan foydalanish darajasi esa 20,5 foizga yetdi, — dedi Axmad Suvankulov. — Ushbu konferensiya, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari uchun suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, zamonaviy boshqaruv amaliyotini keng joriy etish, innovatsion yondashuvlar bilan boʻlishish va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishda muhim hamkorlik platformasi boʻlib xizmat qiladi.

    Maʼlumki, suv — hayot manbai. U inson salomatligi, iqtisodiy oʻsish va fuqarolarning munosib turmush darajasini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois Oʻzbekistonda toza ichimlik suvi va oqova suv xizmatlarini yaxshilash masalasi doimo davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qarab kelinmoqda.

    Soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida suv taʼminoti sohasini rivojlantirishga doir izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat sohaning texnik va tashkilotchilik salohiyatini oshirish, balki aholining hayot sifati, sogʻligʻi va ekologik barqarorlikni taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.

    Xalqaro konferensiya doirasida ilgʻor tajribalar almashinuvi, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida amaliy seminarlar, davra suhbatlari hamda qator hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimlari ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Zulxumor AKBAROVA