Toshkentda ijara narxlari pasaymoqda

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Toshkent shahrida mart oyida xonadonlar uchun ijara narxlarining oʻzgarishini tahlil qildi: narxlar pasayishda davom etgan.

    Tahlil natijalariga koʻra, Toshkent shahrida xonadonlar uchun ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Maʼlumki, oʻtgan yil xonadonlar uchun ijara narxlari oʻsa boshlangan va oktyabr oyiga kelib, oʻzining eng yuqori nuqtasiga chiqqan, soʻngra pasaya boshlagandi.

    OLX.uz maʼlumotlar bazasiga koʻra, oʻshanda shahar boʻyicha oʻrtacha taʼmirlangan xonadon uchun ijara narxi 526 AQSH dollariga chiqqandi. Joriy yilning mart oyida ijara uchun oʻrtacha narxlar fevral oyidagiga nisbatan 2 foiz pasaygan va 411 AQSH dollarini tashkil etgan.

    Oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali uy uchun ijara narxi 340 dollardan (Sergeli) 460 dollargacha (Yakkasaroy) oʻzgargan holda Toshkent shahri uchun oʻrtacha 411 dollarni tashkil etgan.

    3 xonali uylar uchun esa narxlar 380 dollardan (Sergeli) 600 dollargacha (Mirobod) oʻzgargan holda Toshkent shahri uchun oʻrtacha 480 AQSH dollarini tashkil etgan.

    Taʼmirlangan 1 xonali uy uchun oʻrtacha ijara narxi 320 dollarni, 4 xonali uy uchun 600 dollarni, 5 xonali uy uchun 660 dollarni tashkil etgan.