Qayd etilishicha, fevral oyida Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozori faollikning oʻsishi bilan ajralib turdi, uning asosiy omili iqtisodiy faoliyatning kengayishi boʻldi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda koʻchmas mulkni sotib olish va sotish boʻyicha 22,2 mingta shartnoma tuzildi. Oʻtgan oyga nisbatan bu koʻrsatkich 2 foizga oshdi. Yil boshida bir qator hududlarda qayd etilgan faollikning pasayishi fevral oyida toʻliq tiklandi. Yuqori oʻsish surʼatlari Toshkentda 14 foiz, Andijonda 16 foiz va Fargʻonada 13 foiz qayd etildi.
Uy-joy ijarasi bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Yanvar oyida ijara bozori 2,2 foizga pasaygan boʻlsa, fevral oyida esa 1,1 foizga pasayib, 1 kv.m. uchun 8,9 dollarni tashkil etdi. Yillik hisobda ijara haqining eng koʻp pasayishi Olmazor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida 13 foizdan 18 foizgacha qayd etildi.
Eʼtiborlisi, Bektemir va Shayxontohur tumanlarida oylik ijara haqi oshdi. Bu yerda uy-joyni ijaraga olish mos ravishda 3,5 foiz va 2,5 foizga qimmatlashdi. Ijara haqining eng katta pasayishi Yashnobod tumanida 6,3 foiz va Chilonzor tumanida 5,7 foizga qayd etildi.
Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu tumanlarda uy-joyni ijaraga olish oʻrtacha kv.m. uchun 11 dollarga tushadi. Nisbatan arzon uy-joy ijarasi Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda va kv.m. uchun 6 dollardan 8 dollargacha oʻzgarib turadi.
Shuni ham aytish joiz, fevral oyida ikkilamchi uy-joy bozori 0,8 foizga oʻsdi. Yillik hisobda ikkilamchi narxlar 14,1 foizga oshdi.
Eng sezilarli oʻsish Toshkent – 26 foiz, Buxoro – 24,1 foiz va Andijon – 24 foiz viloyatlarida qayd etildi. Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi bir oy davomida 1,6 foizga oshib, 1140 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar 2 foizdan 6 foizga oshgani qayd etildi. Shu bilan birga, Bektemir va Uchtepa tumanlarida ikkilamchi uy-joylar mos ravishda 1,1 foiz va 0,4 foizga arzonlashdi.
Umuman, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori yil davomida 17,3 foizga oʻsdi. Shu bilan birga, oʻsish surʼatlarining 2,7 foiz punktiga pasayishi kuzatildi.