Ma’lum qilinishicha, 2024-yilning yanvar oyida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida “Arkenstone” va VescoCottage nomli MCHJlar tashkil etgan shaxsning bu boradagi kirdikorlari fosh bo‘ldi.

Mazkur MCHJlar Toshkent shahrida kottej turar joylarini qurayotganini, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli reklama eʼlonlarini joylashtirib, shu yo‘l bilan yangi uy olish istagida bo‘lgan fuqarolar ishonchiga kirib, go‘yoki kechiktirib to‘lash imkonini berish vaji bilan ularda qiziqish uyg‘otib, 2022—2023-yillar davomida 125 million so‘mdan boshlang‘ich to‘lov sifatida fuqarolarning qariyb 27 milliard so‘mini o‘zlashtirgan.

Aslida esa ushbu MJCHlarga uy-joy qurish uchun hech qanday yer ajratilmagan bo‘lgan.

Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaroga tegishli korxonalar va unga aloqador shaxslar hisob raqamlaridagi 823 million so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yilgan.

Shuningdek, tergov davomida ushbu shaxs jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarini legallashtirish maqsadida xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tgan valyuta birjasida o‘zi va onasining nomiga hisob raqamlar ochib, ushbu hisob raqamlariga 1,4 million AQSH dollari o‘tkazib olib, birja savdolarida ishtirok etgani aniqlangan.

Ushbu holatlar bo‘yicha departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Mahamatov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan xorijiy valyuta birjasida Mahamatovning onasi nomiga rasmiylashtirilgan elektron hamyonda mavjud bo‘lgan 403 ming AQSH dollari to‘lov bank viza kartasiga qaytarilgan. Ushbu jinoyat ishi doirasida hozirgi kunda 7,8 milliard so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yilishiga erishilgan.