Toshkentda ikki nafar shifokor ayovsiz kaltaklandi

    Tashvishli xabar 28 Iyul 2024 324

    Toshkentda ikki nafar shifokor mushtumzo'r bemor va uning o'rtoqlari tomonidan ayovsiz kaltaklandi

    Ma'lum bo'lishicha, joriy yil 27 iyul kuni soat taxminan 07:20 larda poytaxtimizdagi 1-son shahar klinik shifoxonasi qabul bo'limiga Sergeli tumani, Xonobod 4-tor ko'chasida istiqomat qiluvchi 1997 yilda tug'ilgan fuqaro B.I. ikki nafar o'rtog'i — 1997 yilda tug'ilgan P.I. va S.B.lar hamrohligida olib kelingan.

    Bemor zudlik bilan navbatchi travmatolog-shifokor A.A. tomonidan tibbiy ko'rikdan o'tkazilgan.

    Dastlabki tekshiruv davomida unga “Ikkala qo'l-bilak sohalari, ko'krak qafasi va qorin oldi devorining ko'plab kesilgan jarohatlari. Gemorragik shok 2-3-daraja“ tashxisi qo'yilgan.

    Bemorning holati og'ir, shok holatida deya baholanib, zudlik bilan qon to'xtatish va shokka qarshi birinchi tibbiy yordam ko'rsatilgan hamda qo'shma shikastlanishlar shoshilinch bo'limining mikroxirurgiya o'rniga gospitalizatsiya qilingan.

    Soat 07:40 da tanadagi ko'plab kesilgan jarohatlar inobatga olinib, u darhol xirurgik amaliyot o'tkazish maqsadida mikroxirurgiya operatsiya xonasiga olib kirilgan.

    Xirurgik amaliyotga tayyorlash vaqtida bemor shifokor-mikroxirurg M.X.ga jiddiy qarshilik ko'rsata boshlagan va tibbiyot xodimiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilgan.

    SHuningdek, B.I.ni tinchlantirishga urinishlar samara bermagach, u operatsion stoldan tushib, shifokorni qattiq do'pposlay boshlagan.

    Shundan keyin shifokor M.X. ichki ishlar organlarining "102" telefon raqamiga qo'ng'iroq qilib, yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan navbatchi qismga ma'lumot bergan.

    So'ng, shifokor M.X. mushtumzo'r bemorning o'rtoqlari — P.I. va S.B.lar tomonidan ham kaltaklagan. SHu vaqtda shoshilinch xirurgiya bo'limining navbatchi shifokori H.U. bemorga xirurgik amaliyotni bajarish uchun operatsion blokka kelgan. Mushtumzo'r o'rtoqlar bu tibbiyot xodimini ham ayovsiz do'pposlab, unga jiddiy tan jarohati etkazgan.

    Oqibatda shifokor hushidan ketib, karaxtlik-koma holatiga tushgan va zudlik bilan reanimatsiya bo'limiga yotqizilgan.

    O'tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlar davomida jabrlanuvchi shifokorga “Bosh-miya yopiq jarohati. Bosh miya lat eyishi o'rta darajasi. 3-bel umurtqasi chap yon qanotining yopiq sinishi. Bosh peshona qismi terisining shilingan jarohati.O'ng tomonlama lab burchagining yorilishi” tashxisi qo'yilib, shoshilinch reanimatsion chora-tadbirlar ko'rilgan.

    O'tkazilgan davo muolajalari natijasida bugun soat 10:30 da bemorning holati biroz ijobiy tomonga o'zgarib, hushiga kelgan va shok holatidan chiqarilgan. Ammo unda hali ham karaxtlik mavjud. SHu bois davo muolajalari jonlantirish bo'limida davom ettirilmoqda.

    Ikkinchi shifokor M.X.ning holati hozir nisbatan qoniqarli, lekin olgan bosh miya jarohati va ruhiy holati keskin yomonlashgani inobatga olinib, shifoxonaning qo'shma jarohatlar bo'limi travmatologiya qismiga gospitalizatsiya qilingan va kerakli tibbiy muolajalar ko'rsatilyapti.

    Ayni paytda mazkur holat Cog'liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

    SHuningdek, ushbu holat bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.