Forum Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Oʻzbektelekom” AK, shuningdek, Toshkent shahridagi INHA universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, u Markaziy Osiyo, Eron va qoʻshni davlatlar Internet tarmogʻining rivojlanishida mintaqaviy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyoda piring va IXP (trafikni ulash va almashishning asosiy nuqta)larni ilgari surishning asosiy mavzularini muhokama qildilar. Bularga qonunchilik va meʼyoriy masalalar, mintaqaviy va xalqaro ulanish imkoniyatlari, IXP uchun moliyalashtirish va resurslar, CDN hostingi va tarmoq xavfsizligi, barqarorlik va chidamlilik, shu jumladan RPKI (Ochiq kalitlarning resurs infratuzilmasi) kiradi. Internetni oʻlchash vositalariga ham alohida eʼtibor berildi. Forumda “Oʻzbektelekom” AK va Toshkent shahridagi INHA universiteti mezbon sifatida ishtirok etdi.
Rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos soʻzga chiqdi. Marosimda shuningdek RIPE NCC boshqaruvchi direktori Xans Petter Xolen, “Oʻzbektelekom” AK boshqaruvi raisining istiqbolli rivojlanish va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Akmal Arifjonov va Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolovlar ishtirok etdi.
Oleg Pekos taʼkidlaganidek, iqtisodiyotning turli tarmoqlarining keng miqyosda raqamlashtirilishi, davlat tashkilotlarining raqamli formatga oʻtkazilayotgani, iqtisodiy faollikning oʻsishi va xorijiy investorlarning keng jalb etilishi mamlakatimizda domenlarni roʻyxatdan oʻtkazish sonining koʻpayishining bevosita natijasidir. Soʻnggi 6 yil ichida .UZ zonasida bu koʻrsatkich 200% ni tashkil etdi.
Forumda taʼkidlanishicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan RIPE NCC va “Oʻzbektelekom” AK oʻrtasida uch tomonlama memorandum imzolangan. Mazkur memorandumga muvofiq, 2023-yil mart oyidan boshlab “Oʻzbektelekom” AK xodimlari “IPv6 Basics” va “IPv6 Advanced” onlayn kurslarini oʻtyapti. U, ayniqsa, ushbu taʼlim dasturlari “Oʻzbektelekom” AK mutaxassislariga ilgʻor jahon tajribasiga tayangan holda internet protokollari sohasidagi zamonaviy texnologiyalar va standartlarni oʻzlashtirish imkonini beradi.
Keyingi sessiyalarda ishtirokchilar tarmoq xavfsizligi va Internet barqarorligining muhim jihatlarini, jumladan, Internet xavfsizligini oʻlchash va taʼminlash, post-kvant shifrlash yordamida tarmoq xavfsizligini oshirish, Markaziy Osiyoda tashqi Internet servislar bilan aloqa sifatini aniqlash uchun RIPE atlasidan foydalanish va RPKIni yangilashni muhokama qildilar.
Mazkur forum Markaziy Osiyo mintaqasida telekommunikatsiya texnologiyalari va tarmoqlar xavfsizligi sohasida oʻzaro hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida IT-xabi sifatidagi rolini taʼkidlash maqsadida tashkil etilgan, deb xabar beradi “Oʻzbektelekom” AK matbuot xizmati .
Maʼlumot uchun: CAPIF 2 – bu tarmoq muhandislari, piring koordinatorlari, internet provayderlari, bulutli servis maʼmurlari va maʼlumotlarni qayta ishlash markazi operatorlari uchun ikki kunlik tadbir boʻlib, uning doirasida netvorking uchun uchrashuvlar, taqdimotlar va tarmoq seanslarini boʻlib oʻtadi.
Markaziy Osiyo dengizga chiqish yoʻli boʻlmagan, boshqa mintaqalar va davlatlar, jumladan, Xitoy, Eron, Rossiya va Kavkaz uchun Internet chorrahasiga aylanish uchun katta salohiyatga ega mintaqadir.
RIPE NCC texnik Internet-hamjamiyatining asosiy aʼzolarini birlashtirgan 30 yillik tajribaga ega va Yevropa, Yaqin Sharq hamda Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy Internet registratori hisoblanadi. RIPE NCC Internet-provayderlar (ISP) va boshqa tashkilotlar uchun Internet raqamlash resurs bloklarini, shuningdek ASN raqamlarini ajratadi va roʻyxatdan oʻtkazadi.
RIPE NCC, shuningdek, RIPE (Réseaux IPEuropéens) hamjamiyatini va kengroq Internet hamjamiyatini qoʻllab-quvvatlash uchun faoliyat yuritadigan notijorat tashkilotdir.