Toshkentda Ikkinchi Oʻzbekiston -Belarus ayollari biznes-forumi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

    Biznes 28 Avgust 2024 485

    Belarus Respublikasi Milliy majlisi delegatsiyasi tashrifi doirasida Ikkinchi Oʻzbekiston -Belarus ayollari biznes-forumining “Anʼanaviy biznesdan “yashil” biznes sari” mavzusidagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda 500dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.

    Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Shuningdek, yalpi majlisda ikki mamlakat hukumatlari vakillari, vazirlik va idoralari rahbarlari ham soʻzga chiqib, Oʻzbekiston -Belarus ayollar biznes-forumining natijalari ikki mamlakat oʻrtasidagi samarali iqtisodiy sheriklikni davom ettirishga asos boʻlayotganini aytib oʻtdi.

    Bundan tashqari, ishtirokchilar birinchi biznes-forum natijasida erishilgan hamkorlik aloqalar yangi istiqbolli loyihalarga yoʻl ochayotganini qayd etdi.

    Oʻz navbatida, muloqot davomida kimyo, farmatsevtika, yogʻochga ishlov berish sanoatida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilgʻor texnologiyalar bilan almashish, ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadga muvofiqligiga urgʻu berildi.

    Shu bilan birga global miqyosdagi “yashil kun tartibi”ning dolzarbligi hisobga olinib, elektr energetikasi va “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etishi, ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasida ham faol hamkorlik zarurligi bildirildi.

    Muloqot davomida forum doirasida erishilgan biznes loyihalar va kelishuvlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini oʻrnatish, talabalar, oʻqituvchilar, turli xizmat va boʻlimlar mutaxassislari uchun oʻzaro tajriba almashish va amaliyot oʻtashni kengaytirish, ekologik xavfsizlik kafolatlarini amalga oshirish borasida hamkorlik qilish kabi takliflar ham ilgari surildi.

    Yalpi majlis soʻnggida ikki mamlakat biznes doiralari va ishbilarmonlari oʻrtasida xizmatlar sohasi, kimyo va yogʻochni qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va elektr texnika sanoati, elektr energetika va “yashil” energetika kabi iqtisodiyotning turli tarmoqlari boʻyicha hamkorlik shartnomalari, tijorat bitimlari imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.