Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha shu yilning 25-sentyabr kuni soat 06:45 larda, “12-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi “Yutong” rusumli, davlat raqami 01| 032 NKA boʻlgan, 117-sonli yoʻnalish haydovchisi A.Y boshqaruvidagi avtobus Yangi hayot tumani Xonabod koʻchasi boʻylab harakatlanib ketayotgan vaqtda, tartibga solinmagan temiryoʻl kesishmasiga yetmasdan Quruvchilar koʻchasi ulgurji bozor bekatiga burilayotgan vaqtda, “1-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi “Yutong” rusumli, davlat raqami 01| 213 PKA boʻlgan, 55-sonli yoʻnalish haydovchisi Sh.Sh boshqaruvidagi avtobus bilan toʻqnashuv sodir etgan.
Maʼlumotga koʻra, ushbu yoʻl-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yoʻq, avtobuslar texnik shikastlangan.
Hozirda sodir etilgan yoʻl-transport hodisasi yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ Harakat xavfsizligini nazorat qilish boʻlimi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi belgilandi.
Shuningdek ushbu yoʻl-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.