Har yili an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat haftaligi joriy yil 22—24-aprel kunlari bo'lib o'tmoqda. Bugun poytaxtimizdagi “O'zekspomarkaz” ko'rgazmalar majmuasida haftalikka start berildi.
Tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida savdo-sanoat hamkorligining muhim voqeligi bo'lib, unda O'zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va boshqa qator davlatlarning hokimiyat organlari, yirik kompaniyalar hamda ko'plab kichik va o'rta biznes vakillari ishtirok etmoqda. Har biri alohida ajratilgan pavil`onlarda sanoat tarmoqlarining eng ilg'or texnika va texnologiyalari namoyish etilyapti.
— Kompaniyamiz 2005-yildan beri Belarus davlatining MTZ kompaniyasi rasmiy dileri hisoblanadi, — deydi “Traktorbor.uz” kompaniyasi direktor o'rinbosari Ruslan Rahmatulin. — Bizga, asosan Belarus traktorlari kirib keladi. Undan tashqari, Xitoynnig “Yuta” kompaniyasi, Turkiya, Italiya kompaniyalari bilan ishlaymiz. Kompaniyamizda qishloq xo'jaligi sohasida zarur bo'ladigan barcha texnikalar, 50 turga yaqin mahsulotlar sotiladi. Zavodimiz 5 gektar, har bir viloyatda filiallarimiz bor, 100 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. Kompaniyaning bir yillik daromadi 1 trillion so'mdan oshiq. Ko'rgazma doirasida yangi hamkorlar topishni maqsad qilganmiz.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun mintaqalararo hamkorlik, “toza” energetika, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, ekologik toza transport va boshqa dolzarb mavzularni muhokama qilmoqda.
Bir necha pavilyonga joylashtirilgan ko'rgazma maydonlarida 10 mingdan ortiq tashrif byuruvchilarning kelishi kutilmoqda. Ikki va ko'p tomonlama uchrashuvlarda esa yangi va samarali loyihalar imzolanishi, manfaatli kelishuvlarga erishilishi maqsad qilingan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri