Toshkentda «Inson huquqlari uyi«ning ochilish marosimi boʻlib oʻtadi

    «Inson huquqlari uyi« mamlakatimizda inson huquqlari boʻyicha faoliyatni kuchaytirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilgan ixtisoslashtirilgan platforma, yaʼni «inson huquqlari maʼrifati maydoni« hisoblanadi.

    Shu yilning 3-dekabr kuni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazining Axborot-resurs markazi negizida «Inson huquqlari uyi«ning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

    Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, mazkur yangi maʼrifat maskani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etildi.

    «Inson huquqlari uyi« mamlakatimizda inson huquqlari boʻyicha faoliyatni kuchaytirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilgan ixtisoslashtirilgan platforma, yaʼni «inson huquqlari maʼrifati maydoni« hisoblanadi. Bu yerda, jumladan, inson huquqlari boʻyicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantiriladi.

    Ochilish marosimi Milliy markaz tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Tadbir 8-dekabr – Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10-dekabr – Inson huquqlari xalqaro kuni doirasida tashkil etilmoqda.

    Taqdimotda faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targʻib qilish bilan bogʻliq boʻlgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari hozir boʻlishi kutilmoqda.

    Bundan tashqari, «Inson huquqlari uyi«ning ochilishi tadbirini mamlakatimizning barcha hududlari markazlaridagi kutubxonachilar onlayn kuzatib borish imkoniga ega boʻladi.