Toshkentda Iqtisodiyot universitetining kafedra oʻqituvchisi pora bilan ushlandi

    Xavfsizlik 12 Iyul 2025 797

    Maʼlumotlarga koʻra, u oʻzining mansabdor tanishlari orqali poytaxtlik fuqaroni oʻqishga kiritishni vaʼda qilgan.

    Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kafedra oʻqituvchisi oʻzining mansabdor tanishlari orqali poytaxtlik fuqaroni mazkur oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Boshqa holatda esa Fargʻona davlat universitetining kafedra oʻqituvchisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali Fargʻona shahrida yashovchi fuqaroni boks boʻyicha darajali unvoni mavjudligi haqida hujjat tayyorlab, mazkur universitetning harbiy taʼlim fakultetiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3800 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur oʻqituvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.