2021-yil 27-yanvar kuni ana shu markazni ochish, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha K-Water akademiyasi va “O‘zsuvta’minot” AJ o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, unda Osiyo taraqqiyot banki konsultantlari ham ishtirok etishdi.
Muzokarada ta’kidlanganidek, Toshkent shahrida suv ta’minoti sohasi xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan ushbu markaz qurilishi 2021-yilda boshlanadi. Janubiy koreyalik hamkorlar boshqaruv va ishchi xodimlar uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, O‘zbekiston OTMlariga o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha ham yordam berishga tayyorligini bildirishdi.
2020-yil 9-10-dekabr kunlari “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga safar qilib, K-Water akademiyasida suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishgan edi.
Uchrashuv yakunida “O‘zsuvta’minot” AJ va K-Water DK o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan. Ushbu hujjat suv ta’minoti sohasiga yangi bilimlar va nou-xaular olib kirish, Janubiy Koreya tajribasini qo‘llashda “O‘zsuvta’minot” AJning texnik va boshqaruv salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.