Toshkentda “Made in Pakistan” koʻrgazmasi boshlandi

    Shu yil 28-iyunda poytaxtimizda “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

    Tadbir ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Shoxrux Gulamov, Pokiston Savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Mangi Ahsan Ali, Pokistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk, vazirlik va idoralar, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

    Koʻrgazma strategik savdo hamkorlari boʻlgan ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida qabul qilingan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Stendlarda Pokistonning 90 ga yaqin yetakchi ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarining toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, mototsikllar, skuterlar, kosmetika, elektrotexnika mahsulotlari, turli IT va logistika xizmatlari namoyish etilyapti.

    Tadbirda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash koʻlami va hajmini kengaytirishda tashkil etilgan koʻrgazma muhimligi taʼkidlandi. Koʻrgazma oʻzbekistonlik hamkorlarda katta qiziqish uygʻotdi – unga tashrif buyurgan Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari, tarmoq birlashmalari va tegishli idoralari rahbarlarining soni 200 dan oshdi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻrsatkichlarining oʻsishi qayd etildi. Xususan, soʻnggi besh yil ichida ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oshib, 2023-yilda 387 million dollarga yetdi. Mamlakatlar oʻrtasida imzolangan Tranzit savdosi va Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimlar 17 turdagi xaridorgir tovarlarni imtiyozli asosda yetkazib berish imkonini beryapti va bu roʻyxat tobora kengayib boryapti.

    Oʻzbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga koʻpayib, 125 taga yetdi.

    Mamlakatimizda ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarning amaliy jihatlari haqida maʼlumot berildi hamda Pokiston kompaniyalariga farmatsevtika, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, kimyo va neft-gaz sanoati sohalarida yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish taklif etildi.

    Oʻz navbatida, Pokiston tomonidan soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda yaratilgan ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadilar, koʻrgazma yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdilar va Pokiston ishbilarmon doiralarini oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdilar.

    Tadbir dasturiga muvofiq, B2B va G2B muzokaralari ham tashkil etildi. Unda ikki davlat tadbirkorlari aloqalar oʻrnatish, hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama etish va yangi loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Tadbir doirasida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʻrtasida tor doiradagi muzokaralar ham boʻlib oʻtdi, unda ikki davlatning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sherikligini yanada rivojlantirishga doir aniq chora-tadbirlar muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.