Toshkentda “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boshlandi

    Bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.

    2022-yilning 7-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida “Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.

    Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Oʻmon, Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollarini muhokama qildilar.

    Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari bir-birini ishonchli hamkorlar deb biladi. Formatning barcha ishtirokchilari ikki mintaqaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorligini kengaytirishdan manfaatdor.

    Ikki mintaqa oʻrtasidagi tarixiy aloqalar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirishning muhim asosi sanaladi. Qadimdan Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari xalqlari oʻrtasida yaqin savdo aloqalari, umumiy qadriyatlar va anʼanalar mavjud boʻlgan. Albatta, muqaddas Islom dini xalqlarimizni birlashtiruvchi qudratli omil hisoblanadi.

    Format istiqbollarini 2023-yil 19-iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari tasdiqlaydi. Oliy darajadagi sammitda davlat yetakchilari oʻzaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasini tasdiqladilar.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda soʻzga chiqib, ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega Koʻrfaz davlatlarining global barqarorlik va energetika xavfsizligini taʼminlashdagi oʻrnini alohida taʼkidladi.

    Oʻzbekiston yetakchisi ijobiy tajribadan kelib chiqib, ikki mintaqa oʻrtasida siyosat, texnologiya va investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, ekologiya va iqlim oʻzgarishi, turizm, madaniyat va taʼlim kabi qator muhim yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari barcha ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari tomonidan yakdil qoʻllab-quvvatlandi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Koʻrfaz arab davlatlari bilan aloqalari yangi pogʻonaga koʻtarildi. Oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Ushbu tuzulmaga aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro tovar ayirboshlash, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar soni izchil ortib bormoqda. Ular orasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Mubadala”, “TACA”, “Nebras Power” kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini hamda energiya saqlash inshootlarini qurish kabi muhim loyihalar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish mumkin.

    Boʻlajak Toshkent uchrashuvidan tomonlarning bir-birining salohiyati toʻliq roʻyobga chiqarish yoʻlidagi navbatdagi qadami boʻlishi, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.