Toshkentda “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    2024-yil 15-aprelda Toshkent shahrida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov raisligida “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Qatar Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali al-Yahyo, Oʻmon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydiy, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov (faxriy mehmon sifatida), Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy, BAA Prezidentining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Alibek Baqoyev hamda Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) Bosh kotibi Jasem Muhammad Al-Budaiviy ishtirok etdi.

    Tadbirda ikki mintaqa oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, ekologiya va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

    Yigʻilishda 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar, xususan “Strategik muloqot va hamkorlik boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan qoʻshma harakatlar rejasi”ni hayotga tatbiq etish holati koʻrib chiqildi.

    Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari, xususan, Afgʻoniston va Yaqin Sharqdagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

    “Markaziy Osiyo –KADHK” shaklidagi navbatdagi sammitni 2025-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ushbu shakldagi tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi 2026-yilda Kuvaytda boʻlib oʻtadi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.