Toshkentda Markaziy Osiyo jurnalistlari forumi o'z ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 6 May 2024 421

    Uning ochilishi marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Frantsiyaning O'zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez xonim, CFI bosh direktori Terri Vallat va boshqalar ishtirok etdi.

    Frantsiyaning O'zbekistondagi elchixonasi, Frantsiyaning ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish agentligi (CFI), AOKA, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida 6-8 may kunlari Toshkent shahridagi "Panarams" otelida ilk bor Mintaqaviy forum o'tkazilmoqda.

    Forumda O'zbekiston, Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va Frantsiya kabi davlatlaridan 120 nafar ishtirokchi, 40 nafar spiker, shu jumladan, jurnalistlar, media-tashkilotlar vakillari, media-ekspertlar, mutasaddi davlat organlari mas'ullari, shuningdek, taniqli media xodimlari, mutaxassislar ishtirok etmoqda.

    Uning ochilishi marosimida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Frantsiyaning O'zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez xonim, CFI bosh direktori Terri Vallat, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxo'ja Qudratxo'ja, Frantsiyaning Audiovizual hamkorlik bo'yicha mintaqaviy attashesi emmanuel Fosiyonlar so'zga chiqib, ushbu tadbirning ahamiyati haqida batafsil to'xtaldilar.

    E'tirof etilganidek, mintaqamizda ilk bor o'tkazilayotgan hamda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Frantsiya mutaxassislari va ekspertlarini to'plagan forum dezinformatsiya, mediasavodxonlik, jurnalistika etikasi, ommaviy axborot vositalarini raqamlashtirish va moliyalashtirish kabi bugungi tez o'zgarib borayotgan dunyoda muhim ahamiyatga ega masalalar muhokamasiga bag'ishlangan.

    Uch kun davom etadigan Forum doirasidagi tadbirlarda dezinformatsiyaga qarshi kurash, jurnalist etikasi, mediasavodxonlik, jurnalistikaning zamonaviy tahdidlari, jurnalistlar va axborot xavfsizligi, auditoriyani kengaytirish mezonlari, OAV uchun raqamli strategiya, sun'iy intellekt va feyk xabarlarni oldini olish va boshqa ko'plab dolzarb mavzularda bevosita suhbat, muloqot, savol-javoblar bo'lib o'tadi.