Toshkentda Markaziy Osiyoda tuberkulyozga qarshi kurash masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda

    Salomatlik 16 Sentabr 2021 1097

    Bugun poytaxtimizda Markaziy Osiyoda tuberkulyozni integratsiyalashgan tarzda nazorat qilish boʻyicha beshinchi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.

    Uch kun davom etadigan mazkur tadbir yurtimiz Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan hamda AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, KfW taraqqiyot banki, Silni toʻxtatish (Stop TB Partnership) harakati koʻmagida tashkil etilgan.

    Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Ulugʻbek Sobirov, AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblyum, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva ishtirok etyapti.

    Bundan tashqari, anjumanda Oʻzbekiston, AQSH, Germaniya, Avstraliya, Shveysariya, Latviya, Ukraina, Moldova, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qator davlatlardan 300 nafardan ortiq sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari onlayn va oflayn tarzda qatnashyapti. Tadbir hukumatning COVID-19 pandemiyasi davrida tuberkulyozga qarshi kurash dasturlarini amalga oshirish va barqaror moliyalashtirish imkoniyatlarini shakllantirishga, shuningdek, tuberkulyozga qarshi kurash bilan bir qatorda pandemiya muammolarini hal qilishga qaratilgan.

    Anjumanning ochilish marosimida soʻzga chiqqan AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum taʼkidlaganidek: “Bu konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining xatarli, ammo davolash imkoni yuqori boʻlgan tuberkulyoz kasalligining tarqalishiga qarshi kurashishdagi muhim hamkorligi va intilishini namoyish etadi.

    AQSH hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan tuberkulyozga qarshi kurashda deyarli oʻttiz yillik hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Bizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz aholining sifatli tibbiy yordam xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi va oʻn yil avval kuzatilgan koʻrsatkichlarga nisbatan tuberkulyoz bilan kasallanganlar soni va oʻlim darajasining sezilarli kamayishiga olib keldi”.

    Anjumanda taʼkidlanganidek, silni tugatish strategiyasining maqsadi — 2025-yilga kelib, tuberkulyoz kasalligini 50 foizga, undan oʻlim holatlarini esa 75 foizga kamaytirish (2015-yilga nisbatan). Oʻzbekiston Milliy tuberkulyozga qarshi dasturi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tuberkulyozni tashxislash va davolash boʻyicha yuqori darajali yigʻilishining maqsadlariga erishishga qaratilgan boʻlib, dori-darmonlarga chidamli tuberkulyoz, bolalardagi tuberkulyoz va bu kasallikdan davolanayotgan bemorlarga alohida eʼtibor qaratiladi.

    — Yurtimizda davlat va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni muvofiqlashtirish natijasida JSST tavsiyalari asosida silga qarshi kurash sohasida oʻndan ortiq meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi, — dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Nargiza Parpiyeva. — Tuberkulyozning barcha shakllari, jumladan, dori-darmonlarga chidamli turlarini davolash bilan qamrab olish darajasi mamlakatimizning barcha hududlarida 100 foizga yetdi. Bu esa sil kasalligidan 90 foiz davolanish darajasiga erishish imkonini berdi. Hozirgi vaqtda Sogʻliqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatida tuberkulyozning tarqalishini erta aniqlash va oldini olish hamda tashxis qoʻyish va davolashning universal imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan profilaktik yoʻnalishning ustuvorligiga alohida eʼtibor qaratyapti.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari tuberkulyoz kasalligining tarqalishini cheklashda sezilarli yutuqlarga erishganlariga qaramay, uning dori-darmonlarga chidamli shakllari mintaqada yuqori darajada boʻlib qolyapti. Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi vaziyatni yanada murakkablashtirib, bemorlarning tibbiy koʻrikdan oʻtish imkoniyatlarini pasaytirdi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda USAIDning qoʻllab-quvvatlashi bilan tuberkulyoz kasalligiga qarshi Milliy dastur asosidagi saʼy-harakatlar tufayli koʻplab turdagi dorilarga chidamli tuberkulyoz kasalligini aniqlash vaqtini 90 kundan bir necha soatgacha qisqartirishga erishildi. Bundan tashqari, pandemiyaning tuberkulyoz kasalligi tashxisiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida tuberkulyoz va COVID-19ni bir vaqtning oʻzida tekshirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.

    Eslatib oʻtamiz, Markaziy Osiyoda tuberkulyozga qarshi kurash masalalariga bagʻishlangan avvalgi toʻrtta xalqaro konferensiya USAIDning qoʻllab-quvvatlashi asosida Qozogʻistonning Nur-Sulton (2019-yilda), Tojikistonning Dushanbe (2018-yilda), Qirgʻizistonning Bishkek (2017-yilda) va Qozogʻistonning Olmaota (2016-yilda) shaharlarida boʻlib oʻtgan edi.

    Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyoda tuberkulyozga qarshi kurash masalalariga bagʻishlangan beshinchi xalqaro konferensiya 20-sentyabrga qadar davom etadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.