Toshkentda maxsus koʻchatxonalar tashkil etiladi

    Toshkent shahrining har bir tumanida qalamcha va urugʻlardan gullaydigan buta koʻchatlarini koʻpaytirish uchun maxsus koʻchatxonalar tashkil etiladi.

    Bu Toshkent shahar hokimining 2025-yil 17-iyuldagi “Toshkent shahrining har bir tumanida qalamcha va urugʻlardan gullaydigan buta koʻchatlarini koʻpaytirish uchun maxsus koʻchatxonalar tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoyishida koʻzda tutilgan.

    Farmoyishda belgilanishicha, poytaxtning barcha tumanlarida boʻta koʻchatlarini urugʻ va qalamchalardan koʻpaytirish uchun 100 kv.m dan kam boʻlmagan maxsus koʻchatxonalar tashkil etiladi. Koʻchatxonalarda:

    • Qalamcha va urugʻlardan boʻta koʻchatlari yetishtiriladi;
    • Qoʻshimcha ravishda stellaj, mineral va organik oʻgʻitlar, agrotexnik jihozlar bilan taʼminlanadi;
    • Koʻchatlarni parvarishlash, qoʻriqlash va kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari amalga oshiriladi.

    Shuningdek, Sergeli tumanidagi «Manzarali bogʻdorchilik va gulchilik« MCHJ hududida ham koʻchatlar yetishtirish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Toshkent shahar hokimligining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha majmuasi hamda Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan Buta koʻchatlarini urugʻ va qalamchalardan koʻpaytirish boʻyicha taqsimot reja dasturi tasdiqlanadi va ushbu tashkil etiladigan koʻchatxonalarda qalamchalardan dasturda koʻrsatilgan miqdorda koʻchat yetishtirish ishlari tizimli va uyushqoqlik bilan tashkillashtiriladi.

    Hujjatga ilova qilingan taqsimot reja dasturiga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha jami 574 450 dona buta koʻchatlari yetishtiriladi. Ekilgan buta koʻchatlarining qalamchalarini parvarishlash, qoʻriqlash va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishi, ekilgan daraxt hamda butalarni organik va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirilishi, daraxt hamda butalarni kasallanishi va zararkunandalarga qarshi kurashish choralari koʻriladi.