Qaror bilan boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi. “Yoʻl xaritasi”ning 29-bandiga koʻra, quyidagilar amalga oshiriladi:

- Sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi boks boʻlimining Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari uchun Toshkent shahrida zamonaviy (boshqaruv binosi, boks zali, sauna, konferensiya zali, 100 oʻrinli yotoqxona va oshxonaga ega) boks bazasini qurish;

- 2021-yil oktyabrga qadar Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan boks boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari uchun zamonaviy boks bazasini qurish masalasini belgilangan tartibda 2022-yil qurilish manzilli dasturiga kiritish va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;

- 2021-yil avgustga qadar Toshkent shahar hokimligi tomonidan zamonaviy boks bazasini qurish uchun yer ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;

- 2022-yil may oyidan boshlab Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari hamda manzilli qurilish dasturiga asosan Toshkent shahrida zamonaviy boks bazasini 2022-2023-yillarda qurish hamda zarur sport inventarlari va jihozlari bilan jihozlash va foydalanishga topshirish.

Mazkur bandning ijrosini taʼminlashda Turizm va sport vazirligi (A.Karimov), Oʻzbekiston boks federatsiyasi (S.Polatov), Moliya vazirligi (J.Abruyev), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev) hamda Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev) masʼul ijrochilar etib belgilangan.