AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligining (USAID) “Markaziy Osiyoda savdo munosabatlari” dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqaro savdoni rivojlantirishning soʻnggi tendensiyalari, jahon savdosi barqarorligini saqlash va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda JSTning rolini muhokama qilish boʻldi.

Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari boʻyicha maxsus vakili Aziz Urunov, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian, JST Bosh direktori oʻrinbosari Syanchen Chjan, Berndagi Jahon savdo instituti professori Piter Van Den Bosh, xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar, shuningdek, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlar vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev yigʻilganlarga qutlov soʻzi bilan murojaat qilar ekan, jahon savdosining asosiy tendensiyalari va muammolarini qayd etdi, iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash uchun xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirish, va ayniqsa, Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayonini jadallashtirish muhimligini taʼkidlab oʻtdi.

Mintaqaviy konferensiya davomida global savdodagi pandemiyadan keyingi tendensiyalar, JSTga yangi aʼzo boʻlgan mamlakatlar muammolari va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida JST qoidalarini joriy etish muammolariga bagʻishlangan panel sessiyalari boʻlib oʻtdi. Ushbu sessiyalarda ekspertlar tomonidan savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, “yashil” va raqamli savdoni rivojlantirish, JSTga aʼzolikning afzalliklari va asosiy masalalari, qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsiyalar, fitosanitariya va sanitariya standartlarini joriy etish va boshqa masalalar muhokama etildi.

Konferensiya yakunida hukumatlar, biznes va jamiyatning xalqaro savdodagi rivojlanish tendensiyalari va mavjud muammolari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va Markaziy Osiyo mintaqasi Osiyo va Yevropani bogʻlaydigan noyob tranzit markaz sifatida xalqaro savdodagi rolini kuchaytirish maqsadida bunday tadbirlarni oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.