16-mart kuni Toshkent shahar hokimligida Moskva hukumati vaziri, Moskva shahrining iqtisodiy siyosati va rivojlanish boʻlimi boshligʻi Sergey Purtov boshchiligidagi Moskva shahar hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda poytaxt hokimligidan Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Hotambek Shakirov va hokimlik boshqarmalarining xodimlari ishtirok etdi.
Suhbatning asosiy mavzusi - yaqinda Toshkentda Moskvaning koʻp funksional migratsiya markazining vakolatxonasi ochilishi boʻldi. Bu mintaqadagi birinchi shunday markazdir. Migratsiya markazining ishi barcha jarayonlarni shaffoflashtirishi kutilmoqda va mehnat muhojirlarini muammolardan, masalan, vijdonsiz ish beruvchilar bilan bogʻliq boʻlgan muammolardan himoya qilishga qaratilgan. Moskvadagi ish beruvchilarning barcha murojaatlari koʻplab mezonlarga muvofiq tekshiriladi, xususan, uy-joy va transport bilan taʼminlash imkoniyati, ish haqi darajasi va hokazo.
Koʻp jarayonlarni Moskvadan Toshkentga koʻchirish juda koʻp afzalliklarga ega. Masalan, migrantlarni Ichki ishlar vazirligi bazasida tekshirish, rus tili va tanlagan kasbini “uyda” oʻrgatish qulayroq. Bu faqat boshlanishi. Ushbu ochilgan vakolatxonaning vazifalaridan biri namunaviy modelni shakllantirish va jarayonlarni yoʻlga qoʻyish, tartib-qoidalarini tushuntirish, ishlashga ruxsat olishni takomillashtirishdan iborat .
Moskva tomoni turli kasb egalari jalb qilinayotgani - menejerlar, rahbarlar, ishlab chiqarishni tashkillashtiruvchilar va boshqalar talab qilinishini taʼkidladi. Shuningdek, pandemiya tugaganidan soʻng, boʻsh ish joylari birjasi toʻliq ishga tushirilishi aytildi. Bu esa mehnat muhojirlariga ish topishni osonlashtiradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mehnat migratsiyasi muammolarini optimallashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan hal qilish boʻyicha oʻzaro saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib olishdi.