Mozandaran viloyati — Eronning shimolida joylashgan, agrosanoat va eksport salohiyati yuqori boʻlgan hudud. Viloyat agrosanoat, oziq-ovqat mahsulotlari, neft-kimyo, qurilish materiallari va sayyohlik sohalarida katta salohiyatga ega. U yerda yiliga 6 million tonna agrar mahsulot ishlab chiqariladi. 3 ta erkin iqtisodiy zona mavjud, sayyohlik va sanoat yoʻnalishlarida faol.
Tadbirda Eronning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy, Mozandaran viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari Ali Taqipur, Eron-Oʻzbekiston qoʻshma savdo palatasi raisi Muso Ogʻai, shuningdek, ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Mozandaran viloyati Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xoʻjaligi palatasi vakolatxonasining ochilishi munosabati bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Eron tomoni “IranExpo–2025” xalqaro koʻrgazmasi hamda Oʻzbekiston Bosh vaziri A.Aripov tashrifi doirasida oʻtkazilgan Oʻzbek–Eron biznes forumi da Oʻzbekiston ishbilarmonlari delegatsiyasining faol ishtirokini yuqori baholadilar.
2024-yil yakunlari boʻyicha ikki tomonlama savdo hamkorligi umumiy 469,6 million dollarni tashkil etdi, shundan eksport – 163,5 million dollar, import esa – 333,0 million dollarni tashkil qildi. Bugungi kunda mamlakatimizda Eron sarmoyasi ishtirokida 261 ta korxona faoliyat yuritib kelyapti.
Oʻz navbatida, D.Rasulov ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish hamda qoʻshma kooperatsiya loyihalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida oʻzbek tadbirkorlarining Mozandaran viloyatiga tashrifini tashkil etish taklifi bildirildi.
Muzokaralar yakunida mazkur tashrifni amalga oshirish va hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib olindi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.








