Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Qayd etilishicha shu yilning 9-iyul kuni Yashnobod tumani, Yakkatol koʻchasidagi koʻp qavatli uyda ijara asosida yashab kelayotgan 30 yoshli erkak ushbu manzilda qonuniy nikohdan oʻtmasdan yashab kelgan ayoli bilan janjallashib qolgan.
Janjal oqibatida erkak ayolning birinchi turmushidan 2021-yilda tugʻilgan oʻgʻil farzandiga pichoq bilan bir necha marotaba tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat boʻyicha Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudi tomonidan Yashnobod tumani prokurorining Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi "v", "j" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi S. М.ga (erkak, 1993-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, oilali, maʼlumoti – oʻrta-maxsus, muqaddam sudlangan, ishsiz) nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash hamda sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari taqdim etilgan hujjatlar bilan koʻrib chiqildi.
Sudning 2024-yil 10-iyuldagi ajrimlari bilan iltimosnomalar qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi S. М.ga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazish belgilandi.