Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bojxona idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan giyohvandlik vositalari olib kirib sotish bilan shugʻullangan oila aʼzolari qoʻlga olindi.

Maʼlumotlarga koʻra, “Ohangaron – Piskent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “EQUINOX” avtoulovi toʻxtatilib, unda boʻlgan 1976-yilda tugʻilgan ayol va uning 1999-yilda tugʻilgan oʻgʻli Tojikistondan yashirincha olib kirilgan giyohvandlik moddasini olib ketish uchun yoʻlga chiqqanligi aniqlangan.

Ularning telefonlarini tekshirish jarayonida “Telegram” orqali narkotik moddalarning joylashuvi va fotosuratlari yuborilgani maʼlum boʻlib, tezkor tadbir davom ettirildi. Natijada Piskent tumanida yoʻl chetiga yashirib ketilgan 4 kg 985 gr “gashish” ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, ularning Olmazor tumanidagi xonadondan 1 kg 124 gr “opiy” va 1 kg 976 gr “gashish” topildi.

Ayolning 1996-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan yana bir oʻgʻli ham protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda ushlangalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ular “qamoq” ehtiyot chorasiga olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.