Toshkentda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida noqonuniy dori vositalarining savdosiga chek qoʻyish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan S.E. va S.A. fuqaro E.M.ga tegishli hujjatlari boʻlmagan 3 250 quti “Nicozone-S”, 2 240 quti “Gracide-S”, 700 quti “Urolim-L”, 3 000 dona “Benzilpenitsillina” va 600 dona “Ampitsillin Sulbaktam” dori vositalarini 110 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.