Toshkentda noyob tibbiyot markazi barpo etilmoqda

    Urbanizatsiya 22 Yanvar 2021 1258

    O'zbekistondagi yangi noyob tibbiyot muassasasi - Ko'p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishiga press-tur tashkil etildi.

    Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida 8,1 gektarlik xududda zamonaviy, eng yuksak xalqaro talablarga toʻla javob beradigan koʻp tarmoqli klinika qurilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga oʻz vaqtida va sifatli ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatishni, yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlashni yana-da takomillashtirish, sogʻliqni saqlash tizimiga innovasion tibbiy texnologiyalarni va xalqaro davolash-diagnostika reglamentlarini keng joriy etishni taʼminlash maqsadida ushbu koʻp tarmoqli klinikani barpo etish ishlari boshlab yuborilgan.

    Ushbu loyiha boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlar prezidentning 2017-yil 29-sentyabrdagi PQ-3298-son qarorida belgilangan. Unga muvofiq, yuksak ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu zamonaviy loyiha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda Rossiyaning “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi” OAJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

    Zamonaviy xalqaro talablar asosida amalga oshirilayotgan ushbu tibbiy loyiha uchun dunyoning koʻplab mamlakatlarida yuqori texnologik tibbiyot muassasalarini muvaffaqiyatli barpo etish etish tajribasiga ega boʻlgan “KBV GmbH&Co.KG” (Germaniya Federasiyasi, Leypsig sh.) ixtisoslashgan nemis kompaniyasi ham jalb qilingan. Unga barcha asosiy loyihalash ishlarini amalga oshirish yuklatilgan. Rossiya Federasiyasining “Uralmexanobr” OAJ (Yekaterinburg sh.) Bosh loyiha tashkiloti sifatida barcha ishchi hujjatlarni tayyorlashga masʼul. Toshkent shahridagi “ToshuyjoyLITI” AJ loyihalashtirish tashkiloti barcha loyiha xujjatlarini respublikamiz normativ hujjatlari talablariga moslashtirish va ularni Davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun tayyorlashga masʼul.

    Yangi tibbiyot muassasasida xodimlarni uzoq muddatli va yuqori malakali ish bilan taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, Germaniya va Rossiya Federasiyasidagi xorijiy klinikalar va tibbiyot markazlarida tibbiyot xodimlari uchun oʻquv dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, 42 turdagi mutaxassisliklar boʻyicha shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlari, shuningdek, kichik tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni qayta tayyorlash rejalashtirilgan.

    Germaniyaning beshta tibbiyot markazi va Rossiyaning ikkita klinikasi uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Ular bilan tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash, ular malakasini oshirish, mutaxassislar oʻrtasida samarali tajriba almashish maqsadida memorandum imzolangan. Hamkorlik doirasida, asosan, kardiologiya, angioxirurgiya, kardioxirurgiya, intervension angio-kardiologiya, nevrologiya, diagnostik va operativ endoskopiya, onkologiya, abdominal va torakal xirurgiya, umurtqa xirurgiyasi, ortopediya, bolalar xirurgiyasi, reabilitasiya va boshqa shu kabi sohalarda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash maqsad qilingan.

    Axborot-tahliliy media markazi