Toshkentda onlayn narkodoʻkonning 5 nafar aʼzosi qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 27 Iyun 2025 684

    DXX va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijonda 53 ta xufya joyga yashirilgan giyohvandlik vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

    Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan, “Telegram” messenjeri orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodoʻkonning 5 nafar aʼzosi qoʻlga olindi.

    Ular 400 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotganliklari maʼlum boʻldi.

    Qoʻlga olingan shaxslarning koʻrsatmasi asosida, ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan boʻlgan “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodoʻkon operatori vazifasini bajaruvchi, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003-y.t. shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr “gashish” moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olindi.

    Taʼkidlash lozimki, narkoguruh aʼzolari mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shugʻullanishgan.

    Hozirda ularning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Tergov harakatlari olib borilmoqda.