Tadbir A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filialida oʻtkazildi. Konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi oʻrtasidagi 2025–2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi doirasida tashkil etilib, ikki davlat oʻrtasidagi uzoq muddatli taʼlimiy hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qildi.
Konferensiya gibrid shaklda — oflayn va onlayn tarzda oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston va Rossiyadan 300 dan ortiq olim, professor-oʻqituvchilar, magistrantlar hamda pedagogika yoʻnalishi talabalari ishtirok etdi. Tadbir davomida “Rossiyalik oʻqituvchi xorijda” dasturi hamda Klass! loyihasi doirasida davra suhbatlari tashkil etilib, koʻp millatli muhitda rus tilini oʻqitish, migrant bolalar tilga moslashuvi va metodik tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyada Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlar, oʻqituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy metodikalarni joriy etish hamda taʼlim muhitini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. A.I. Gersen nomidagi RDPU filialining Toshkentda ochilishi bu borada muhim qadamlardan biri boʻlib, u Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti bilan hamkorlikda yangi avlod pedagoglarini tayyorlashni yoʻlga qoʻymoqda.
Konferensiyada 2020-yildan buyon amalga oshirilayotgan Klass! (“Zoʻr!”) loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur tashabbus Rossiya va Oʻzbekiston oʻqituvchilari, metodistlari hamda olimlarini birlashtirib, rus tilida umumtaʼlim fanlarini oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida Oʻzbekiston maktablarida 150 dan ortiq rossiyalik mutaxassislar faoliyat yuritgan. 2030-yilgacha esa 1000 ta maktab va 30 mingdan ortiq pedagogni qamrab olish rejalashtirilgan. Klass! loyihasi qisqa fursatda oʻqituvchilar uchun ilhom bagʻishlovchi ilmiy-maʼrifiy maydonga aylandi», — dedi RDPU Toshkent filiali ijrochi direktori Ulugʻbek Toshkenboyev.
Toshkentdagi ushbu konferensiya Oʻzbekiston taʼlim tizimidagi islohotlarning xalqaro miqyosda qanday qoʻllab-quvvatlanayotganini yaqqol koʻrsatdi. Bugun zamonaviy maktab konsepsiyasi oʻqituvchilar tayyorlash, ilgʻor metodlarni joriy etish va xalqaro tajriba almashuvini bir yoʻnalishda birlashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “inson kapitalini rivojlantirish orqali taraqqiyotga erishish” tamoyili taʼlim sohasidagi barcha yangilanishlarning markazida turibdi. Shu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlar oʻqituvchining maqomini yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish va zamonaviy metodikalarni tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik, xususan “Klass!” loyihasi, ana shu maqsadlar sari qoʻyilgan muhim qadam boʻlib, oʻqituvchilarning kasbiy oʻsishini ragʻbatlantirish hamda yangi avlod pedagoglarini tayyorlashga turtki bermoqda.








