Toshkentda oʻqituvchi mushukni maktab derazasidan tashlab yubordi

    Ijtimoiy tarmoqlarida Toshkentdagi 62-maktabda oʻqituvchi mushukka shafqatsizlarcha munosabatda boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Holat boʻyicha Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 62-sonli umumtaʼlim maktabida joriy yilning 27-sentyabr kuni soat 17:30 lar atrofida 7-“G” sinf oʻquvchilari ona tili darsiga oʻzboshimchalik bilan mushuk olib kirgan. Oʻqituvchi D. X. oʻquvchilarni dars mashgʻulotlari paytida chalgʻimasliklari uchun mushukni derazadan tashlab yuborgan.

    Shundan soʻng mushuk veterinar shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, jiddiy jarohat yetmaganligi aniqlandi.

    Voqeadan soʻng, maktab maʼmuriyati tomonidan yigʻilish oʻtkazilib, oʻqituvchi hamda oʻquvchilarga atrof-muhit, tabiat va jonivorlarni asrab-avaylash barchaning burchi ekanligi tushuntirilgan.