Toshkentda oʻrtacha oylik 9 million soʻmni tashkil qilmoqda

    Moliya 27 Yanvar 2025 1400

    Statistika agentligi tomonidan 2024-yil uchun nominal hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi koʻrsatkichlari eʼlon qilindi.

    Unda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilda respublikada oʻrtacha oylik miqdori 5,3 mln. soʻmni tashkil qilgan. 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar boʻyicha oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori koʻrsatkichlari Toshkent shahrida 9 072,4 ming, Navoiy viloyatida 6 766,1 ming, Toshkent viloyatida 5 097,9 ming, Andijon viloyatida 4 616,1 ming hamda Buxoro viloyatida 4 343,9 ming soʻmni tashkil etgan. 2024-yilda maosh eng koʻp boʻlgan viloyatlar orasida Navoiy va Toshkent viloyatlari ikkinchi hamda uchinchi oʻrinlarni egallagan. 2024-yilda bank-moliya sohasi xodimlarining oʻrtacha oylik ish haqi 15,3 mln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 14,3 foizga oʻsdi.

    Bu, maʼlumotlar eʼlon qilinayotgan oxirgi 5-yildagi eng past oʻsish koʻrsatkichidir. Shunday boʻlsada, sohaning oʻrtacha oyligi Oʻzbekistonda eng yuqorisi boʻlib qolmoqda. Qayd etilishicha, oʻtgan yilda bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchilarning oʻrtacha ish haqi 15,3 mln. soʻmni tashkil etib, soha xodimlari maoshi 14,3 foizga oshgan. Bu oʻtgan yilgi oʻsish (+23,7 foiz) koʻrsatkichidan 65,7 foizga kamroqdir. Umuman olganda, 2021-yildan buyon bank-moliya sohasida oʻrtacha ish haqi oʻsishi sekinlashmoqda. 2021-yilda oʻsish koʻrsatkichi 32,5 foizni, 2022-yilda 30 foizni, 2023-yilda 23,7 foizni tashkil etgan edi.

    Hududlar kesimida sohadagi oʻrtacha oylik ish haqining eng yuqori koʻrsatkichi Toshkent shahri (18 mln. 904,4 ming soʻm), Andijon (14 mln. 317,9 ming soʻm) va Navoiy (13 mln. 258,1 ming soʻm) viloyatlarida kuzatilgan. Eng kam koʻrsatkich Fargʻona (10 mln. 26 ming soʻm) Sirdaryo (10 mln. 207 ming soʻm) hamda Samarqand (10 mln. 322 ming soʻm) viloyatlarida qayd etildi. Yuqori oʻsish surʼati Xorazm viloyatida (119,9 foiz) hamda Buxoro viloyatida (116,7 foiz), eng kam oʻsish Fargʻona (3,3 foiz) Jizzax (6,2 foiz) hamda Samarqandda (6,2 foiz) kuzatildi.

    Oʻsish dinamikasi sekinlashishiga qaramay, bank-moliya cektori Oʻzbekistondagi eng yuqori daromadli soha boʻlib qolmoqda.

    Taqqoslash uchun, axborot va aloqa sohasida oʻrtacha 13,2 million, tashish va saqlash – 8,1 million va sanoat sohasi – 6,4 million, taʼlim – 3,6 million hamda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda 3,4 million soʻm ish haqi to‘lanmoqda.