Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan oʻttizga yaqin vazirlik va idora rahbarlaridan tashil topgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi uch kunlik ommaviy qabullari ham bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: hayot davom etar ekan, inson bor ekan, murojaatlar boʻlishi tabiiy va Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois koʻplab insonlarni ancha vaqtdan beri oʻylantirib kelayotgan masalalarga yechim topilmoqda.

“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Sergeli, Chilonzor, Yunusobod tumanlarida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlar maydonida oʻttizga yaqin vazirlik, qoʻmita va respublika tashkilotlari rahbarlari qariyb 2 ming 270 ta masalani koʻrib chiqqan boʻlsa, deyarli har uch masaladan bittasi joyida hal qilindi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullari koʻrib chiqqan 265 ta murojaatning 137 tasi shu yerda hal qilib berildi. Aytaylik, 2013-yili ichki ishlar tizimidan ishdan boʻshatilgan Jasur Rahimov sud-huquq sohalarida amalga oshirilgan islohotlar tufayli huquqiy maydonda oʻzining haqligini isbotlashga erishdi. Avval tashkil qilingan xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatidan soʻng uning ishi Oliy sudda koʻrilib, oqlov hukmi chiqarilgan edi. Bu galgi muloqotlar maydonidagi murojaatidan soʻng esa Jasur Rahimov ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilindi. Oradagi 9 yillik uzilish uning ham xizmat muddatiga qoʻshildi.

Bu jarayonda yashnobodlik sobiq ichki ishlar xodimi Narimon Bekqulovning ham koʻp yillik masalasiga yechim topildi. Ancha yil muqaddam ishdan tashqari vaqtda katta janjalning oldini olishga harakat qilib, buning oqibatida ogʻir tan jarohati ham olgan kapitan Bekqulov batafsil tekshiruvlarsiz ishdan boʻshatilgan ekan. Biroq bunda uning aybdor emas, aslida jabrlanuvchi ekani inobatga olinmagan.

Ommaviy qabuldagi murojaatidan soʻng Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu ishni tezkor va batafsil oʻrgangach, Narimon Bekqulovni ichki ishlar tizimiga ishga tiklaydigan boʻldi.

Yakkasaroylik Karina Pankratovaning Bosh prokuratura masʼullariga aytishicha, poytaxtimizdagi qurilish korxonalaridan biri ular yashayotgan Yakkasaroy tumani Mirobod koʻchasidagi hududda qurilish qilmoqchi, biroq bu maydon aslida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirib berilgan. Bu masala Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudida koʻrilgan va aholi foydasiga hal qiluv qarori chiqarilgan, Toshkent shahar maʼmuriy sudi appelyatsiya instansiyasi esa bu qarorni bekor qilgan. Karina opa va mahalladoshlari bu masalani har tomonlama chuqur, batafsil oʻrganishni va Yakkasaroy tumani qurilish boʻlimining bu boradagi ruxsatnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻramoqda.

Ularning bu boradagi murojaatlari asosida Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent shahar maʼmuriy sudi appelyatsiya instansiyasining qarorini bekor qilish boʻyicha protest keltirdi. Karina Pankratova masʼullarga mazkur protest uchun minnatdorlik bildirarkan, bu masalani yana bir marta nazoratga olishni soʻradi. Ushbu protest asosida mazkur nizoli masala yaqinda Oliy sudda tomonlar va prokuratura vakillari ishtirokida qonuniy-adolatli koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Muloqotlar asnosida Dilorom Imomboyevaning sud hukmiga nisbatan protest keltirish, Elmurod Boyxonovning ish haqini undirish yuzasidan sud qarorini ijro qildirish, Muqaddas Sharipovaning tergovda qonuniylikni taʼminlash singari oʻrganish va muddat talab qiladigan jami 176 ta masala Bosh prokuratura nazoratiga olindi.

Chilonzorlik tadbirkor Abduraim Alimov avtomashinalar uchun import oʻrnini bosuvchi yon oynalar ishlab chiqaradi, 40 nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlagan. Yaqinda tadbirkor aylanma mablagʻdan qiynalib, buyurtmalarni yetkazib bera olmay qolgan. Ayni shu masalaga yechim izlab kelgan tadbirkorga Toshkent shahar 2-sektori koʻmagi bilan 200 ming dollar kredit ajratilgani yana bir korxonaning barqaror ishlab ketishiga katta yordam boʻldi.

Qabullardagi xuddi shunday murojaatlar asosida Ozoda Toyirovaga aliment undirib berilgan boʻlsa, Muzaffar Haydarovning kreditdan yuzaga kelgan noreal qarzdorligi bartaraf etib berildi.

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi islohotlar natijasida yashnobodlik Aziza Ashurovaning ham 2004-yili auksion orqali sotib olgan 6 sotix yer maydonida uy-joy qurish boʻyicha loyihani tasdiqlatish bilan bogʻliq 18 yillik masalasi Qurilish vazirligi masʼullari bilan muloqotdan soʻng hal qilindi. Ayolning uy-joy barpo qilishga oid loyihasi tasdiqlanib, qurilishga ruxsat berildi. Umuman, Qurilish vazirligi masʼullari bilan muloqotlardan soʻng shu singari 33 ta masala joyida hal qilindi.

Chilonzorlik Baxtiyor Xoʻjayev esa Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatidan soʻng 12 yil deganda doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan taʼminlandi.

Davlat soliq qoʻmitasi masʼullariga murojaatdan soʻng uchtepalik tadbirkor Muxlisa Akramovaga ortiqcha hisoblangan qoʻshimcha qiymat soligʻi qaytariladigan boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi ommaviy qabullarida 2 ming 212 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 725 tasi joyida hal qilindi. 484 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, qolgan mingdan ziyod masalani hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.