Toshkentda Oʻzbekiston – BAA Hukumatlararo komissiyasining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 8 Aprel 2021 736

    Joriy yilning 7-aprel kuni videokonferensiya shaklida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumatlararo komissiyasining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va BAA iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy Komissiya hamraislaridir.

    Yigʻilishda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, investitsiya kompaniyalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Tadbir kun tartibi ikki tomonlama investitsiya, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga oid keng koʻlamli masalalarni qamrab oldi.

    Uning davomida 2019-yil mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi va Hukumatlararo komissiyaning 3-yigʻilishi oʻtkazilishi mamlakatlararo hamkorlikning tubdan yangi, yuqori bosqichiga koʻtarilishiga kuchli turtki boʻlgani taʼkidlandi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarning roʻyobga chiqarilishi ikki Davlat rahbarlarining shaxsiy nazoratida ekanligi ham ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatidan dalolat berishi taʼkidlandi.

    Yigʻilishning asosiy masalalaridan biri investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari boʻldi. Oʻtgan ikki yil mobaynida investitsiyaviy hamkorlikda salmoqli natijalar qoʻlga kiritilganligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Mubadala”, “Masdar”, Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi va BAAdagi boshqa nufuzli kompaniyalar bilan “muvaffaqiyat hikoyalari”ni yaratishga erishilganligi ham tilga olindi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar toʻqimachilik sanoati, meva-sabzavotni qayta ishlash, zargarlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga qaratilgan qoʻshma investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirish uchun saʼy-harakatlarni amalga oshirishga oʻzaro tayyor ekanligini bildirdi.

    Xususan, ochiq maydon va issiqxonalarda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishdan tortib, ularni saqlash, qayta ishlash va sugʻorish infratuzilmasini rivojlantirishgacha boʻlgan keng koʻlamli va yuqori foyda keltiruvchi loyihalarni nazarda tutib, qishloq xoʻjaligida investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi.

    Shuningdek, BAA ishbilarmon doiralarini Oʻzbekistonda boshlab yuborilgan xususiylashtirish boʻyicha davlat dasturida ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Dasturga muvofiq, xorijiy investorlarga sanoat, koʻchmas mulk, turistik obyektlari va boshqa aktivlar taklif etiladi.

    Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va aniq investitsiya takliflarining taqdimotlarini oʻtkazdilar. Ular tahlil etilib, kelgusida roʻyobga chiqarilishining imkoniyatlari baholandi.

    BAA investorlarining Oʻzbekistonning tegishli davlat idoralari va biznes doiralari bilan hamkorlik qilish salohiyatini oʻrganish va turli sohalarda eng istiqbolli investitsiya loyihalarini aniqlash borasida oʻzaro munosabatlarni faollashtirishga kelishildi.

    Shu nuqtayi nazardan, tomonlar vazifasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida yaqin va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston – BAA ishbilarmonlar Kengashining tashkil etilishini mamnuniyat bilan kutib oldilar va uning birinchi yigʻilishini shu yilning iyun oyida oʻtkazishga kelishib oldilar.

    Tomonlar oʻzaro savdo hajmini yana-da oshirish istiqbollariga yuqori baho berdilar – oʻtgan ikki yil mobaynida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi bir yarim barobarga oshdi. Joriy yilda Oʻzbekiston ilk bor “Gulfood” dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimliklar koʻrgazmasida oʻz milliy pavilyoni bilan ishtirok etgani va unda ishtirokchilar va mehmonlarning katta qiziqishini uygʻotgan 23dan ortiq oʻzbek ishlab chiqarish kompaniyalarining mahsulotlari namoyish etilgani taʼkidlandi.

    Tomonlar ikki mamlakat masʼul idoralari, jumladan, savdo-sanoat palatalari, eksport agentliklari oʻrtasida yaqindan hamkorlik qilishni yoʻlga qoʻyish hamda ikki mamlakat bozorlarida eksport salohiyatiga ega tovar va xizmatlar, ularning ishlab chiqaruvchilari va boʻlajak mijozlari toʻgʻrisidagi axborot bilan muntazam ravishda almashishni tashkil etish orqali savdo aylanmasini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirishga kelishdi. Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi gʻovlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha ishchi guruh shakllantirish hamda joriy yilning aprel oyida guruh aʼzolarining dastlabki muzokaralarini oʻtkazishga kelishib oldi.

    Alohida tartibda ikki mamlakat oʻrtasida muntazam yuk tashish parvozlar sonini oshirish, shuningdek, transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishga BAA investitsiyalarini jalb etish orqali transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga toʻxtaldi.

    Yigʻilish doirasida 21 ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻrtasida Atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillik sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum, Oʻzbekiston –Birlashgan Arab Amirliklari Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitim, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qator bitimlar, shuningdek, toʻqimachilik mahsulotlari, dukkakli, quritilgan va yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha eksport shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Oʻzbekiston – BAA Hukumatlararo komissiyasi 4-yigʻilishining soʻngida yakuniy Bayonnoma imzolandi.