Toshkentda Oʻzbekiston -Rossiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 17 Noyabr 2023 1210

    Joriy yil 17-noyabrda Toshkentda Arxangelsk viloyati ishbilarmon doiralari va Oʻzbekiston tadbirkorlari ishtirokida Oʻzbekiston -Rossiya biznes-forumi va B2B muzokaralari boʻlib oʻtdi.

    Tadbir 15-18-noyabrda Arxangelsk viloyati gubernatori Aleksandr Sыbulskiy boshchiligidagi viloyat ishbilarmon doiralari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

    Mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va eksport-import yetkazib berishni koʻpaytirish orqali Oʻzbekiston va Arxangelsk oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

    Ushbu forumda 25 nafar Arxangelsk va 100 dan ortiq Oʻzbekiston kompaniya vakillari, xususan, oʻrmon, sellyuloza-qogʻoz, yengil sanoat va chakana savdo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mashinasozlik, metallga ishlov berish, qurilish sanoati sohalarida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.

    Tadbirni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari I.Jasimov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi savdo vakili Q.Zlыgostev, Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari N.Sharipov, Arxangelsk viloyati gubernatori A. Sыbulskiy ishtirokchilarga kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Shundan soʻng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va “Arxangelsk viloyati Savdo-sanoat palatasi” uyushmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, “Severnaya zaщita” MCHJ va “VIDOM” MCHJ, “Vudkomponent” MCHJ va “BELUKROS” MCHJ, “KIT Sofit” MCHJ va “BIG AUTOMATION OMPANY” MCHJ oʻrtasida niyat bayonnomalari imzolandi.

    Forum davomida Arxangelsk viloyatining sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati boʻyicha maʼruzalar va taqdimotlar, shuningdek, Arxangelsk shahrida sarmoyaviy takliflar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    B2B formatidagi ishbilarmonlik aloqalari almashinuvi doirasida esa Oʻzbekiston -Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, qoʻshma biznes loyihalarni amalga oshirish, qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish, savdo-iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, biznes-loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.