Toshkentda Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumi boshlandi

    Biznes 5 Iyul 2022 1726

    Joriy yil 4-iyulda Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Oʻzbekiston-Koreya biznes uyushmasi (KOʻBU) hamda Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumi oʻz ishini boshladi. Unda ikki mamlakat vazirlik, idora va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Koreya biznesining “KAKAO Group”, “Somang Global”, “Hanshin Engineering & Construction”, “Posco International”, “HYUNDAI Construction”, “DRB Group”, “Dae Woo Construction”, “ERA KOREA Co,. Ltd” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdi. Koreya delegatsiyasini jami 115 kompaniyaning 200 vakili tashkil etdi.

    Biznes-forumning tantanali ochilish marosimida ikkala tomonning asosiy maʼruzachilari ishtirokchilar eʼtiborini Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning yuqori darajasiga qaratdilar. Ikkala mamlakat ham koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va ishbilarmon doiralar oʻrtasida mustahkam toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishga faol intilayotgani qayd etildi. Investitsiyaviy, sanoat va savdo hamkorligidagi muvaffaqiyatlar alohida taʼkidlandi.

    Tadbirda Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Sang Xi, Oʻzbekiston-Koreya biznes uyushmasi raisi Kim Chang Keon, shuningdek, Koreyaning yetakchi kompaniyalari va Oʻzbekiston tarmoq uyushmalari rahbarlari ham soʻzga chiqdilar. Qishloq xoʻjaligi, taʼlim, toʻqimachilik, togʻ-kon sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

    Forum doirasida B2B va B2G formatlarida tashkil qilingan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi faol uchrashuvlar biznesning oʻzaro hamkorlikka qiziqishini oʻzida aks ettirdi. Ochiq va samimiy ruhda boʻlib oʻtgan muloqotda tomonlar aniq loyiha takliflari asosida sheriklik istiqbollarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.

    Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifi dasturi 7-iyulgacha davom etadi hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida biznes-forumlar, shuningdek delegatsiya aʼzolarining sanoat obyektlariga tashriflarini oʻz ichiga oladi.

    Forumning birinchi kuni yakunlari boʻyicha Toshkent Sharqshunoslik universiteti, Koreya-Oʻzbekiston biznes uyushmasi va “Edulink Global Co., Ltd.” (Koreya) kompaniyasi oʻrtasida akademik almashinuv hamda qoʻshma taʼlim loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Bitimlar imzolandi.

    Tarmoqlar va hududlararo iqtisodiy salohiyati bilan tanishish yakunida qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, shahar infratuzilmasini qurish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha shartnomalar imzolanishi kutilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.