Toshkentda Oʻzbekiston-Ozarbayjon Hududlararo forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 25 Fevral 2023 950

    Joriy yil 24-fevralda Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Ozarbayjon Respublikasi tomonidan iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov delegatsiyalarga rahbarlik qildi. Forumda, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy hokimliklar rahbarlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

    Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va istiqbolli bozorlarga olib chiqish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar hamda Oʻzbekiston va Ozarbayjon ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlikka chaqirdilar. Shu bilan birga, ikki davlat tegishli vazirliklarining qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda har qanday zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligi taʼkidlandi.

    Savdo aloqalarini kengaytirish va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida yaqin kelajakda ikki mamlakat bozorlariga talabga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, muntazam savdo va biznes missiyalarini oʻtkazish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish uchun platformalar yaratish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

    Soʻzga chiqqanlar hududlararo hamkorlik doirasida yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirilishi rejalashtirilgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish muhimligini taʼkidladilar. Yigʻilish davomida Buxoro va Lankaron, Xiva va Shusha, Qoʻqon va Sheki, Samarqand va Ganja shaharlari oʻrtasida qardoshlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan qator muhim hujjatlar, Toshkent va Boku oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

    Forum doirasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli va oʻz vaqtida moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

    Forumda ikki mamlakat hududlari rahbarlari ham soʻzga chiqdi. Ular hudud va tarmoqlarning sanoat va investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlarini oʻtkazdilar. Har ikki davlat iqtisodiyotlarining bir-birini toʻldirishi tamoyiliga asoslanib, avtomobilsozlik, paxta va toʻqimachilik sanoati, ipakchilik, qurilish materiallari va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, neft-kimyo, energetika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish boʻyicha ishlarni faollashtirish niyatlari bildirildi.

    Tadbir doirasida ishtirokchilarning B2G va B2B formatidagi uchrashuvlari hamda Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining 3-yigʻilishi tashkil etildi.

    Forum yakunlari boʻyicha har ikki mamlakat hududiy rivojlanishining ustuvor tarmoqlarida jami 11 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.