Toshkentda Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 23 Dekabr 2022 796

    Joriy yil 23-dekabrda Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Hilton Tashkent City mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari hamda 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Forumning ochilish marosimida taʼkidlanishicha, joriy yil yanvar-noyabr oylarida ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobarga oshdi.

    Investitsiyaviy hamkorlikda ham ijobiy oʻsish dinamikasi kuzatilyapti – soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5 barobarga oshdi. Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sogʻliqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi sohalarida qiymati 17 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilyapti.

    Oʻzbekistonda iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, banklarni transformatsiyalash, samarali fond bozorini shakllantirish, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga qatʼiy sodiqlik bildirildi.

    – Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz Oʻzbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qoʻshma korxonalarni tashkil etishni rejalashtiryapmiz, ular kelgusida aholisining umumiy soni 1,4 milliarddan koʻproq potensial isteʼmolchisi boʻlgan mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, Katta Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi, – dedi Jamshid Xodjayev oʻz nutqida.

    Oʻz navbatida Saudiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning surʼati va samaradorligini, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy va savdo aloqalarini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish sodiqligini bildirdi va Saudiya Arabistoni tadbirkorlarini oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

    Neft-gaz va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik, infratuzilma qurilishi va turizm kabi sohalardagi Investitsion hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab berildi. “B2B” va “G2B” muzokaralarida ishbilarmon doiralar aloqalarni oʻrnatdi.

    Forum yakunlari boʻyicha ustuvor tarmoqlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.