Toshkentda Oʻzbekiston-Tojikiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 2 Iyun 2022 1987

    Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida Toshkent shahrida ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillarini birlashtirgan Oʻzbekiston-Tojikiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Forumni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Davlatali Said ochib berdi.

    Oʻz chiqishlarda ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, yuqori texnologiyali qoʻshma ishlab chiqarish obyektlarini yaratish, yuqori talabga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish va istiqbolli bozorlarga yetkazib berish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar hamda Oʻzbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlik qilishga chaqirdilar. Shu oʻrinda, ikki mamlakat hukumatlari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda har qanday zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligi taʼkidlandi.

    Yaqin kelajakda oʻzaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida tez orada “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “Oʻzbekiston – Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi. Unda ishlab chiqarish obyektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashadi.

    Shuningdek, mamlakatlarimizning yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, elektrotexnika, togʻ — kon sanoati va energetika kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyatlari maʼlum qilindi. Shu nuqtayi nazardan, 2021-yilda xususiy sektor loyihalarini qoʻllab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiyaviy kompaniyasining imkoniyatlari taʼkidlandi.

    Forum davomida transport va logistika hamda hududlararo hamkorlik sohalaridagi qoʻshma loyiha va tashabbuslar haqida ham soʻz yuritildi.

    Tadbir doirasida “B2G” va “B2B” formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari oʻtkazildi. Forum yakunlari boʻyicha 1062,6 million dollarlik 75 savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.