Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari E.Orazgeldiyev hamraisligida boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish kun tartibi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, ilmiy-texnik, transport va tranzit, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning keng koʻlamli masalalarini qamrab oldi.
HK hamraislari oʻz chiqishlarida ikkala Hukumatning konstruktiv, uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga sodiqligini, shuningdek, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborni qayd etdilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy tendensiyalar qayd etildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda turkman kapitali ishtirokida 160ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda hamda joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foizga oshdi.
Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotining qiyosiy ustunliklarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish va uzluksiz qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish zarurligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdilar. Qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, charm-poyabzal sanoati, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha aniq loyihalarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishildi.
Oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha navbatdagi saʼy-harakatlar rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar ikki mamlakat bozorlariga oʻzbek va turkman mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni taʼminlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni koʻrishga hamda oʻzbek-turkman savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 1 milliard dollarga yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat tashqi savdo idoralari vazirlarining oʻrinbosarlari darajasidagi qoʻshma ishchi guruh bu yoʻnalishdagi takliflarni muntazam ravishda ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, yaqin kelajakda Oʻzbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish toʻgʻrisidagi Bitim loyihasini kelishish ham yakuniga yetkaziladi.
Ikki mamlakat oʻrtasida transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, tomonlar transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish, aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, 2022-yilda oʻzaro tarif imtiyozlarini taqdim etish, “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollari hamda boshqa tashabbuslarni nazarda tutuvchi qoʻshma choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldilar.
Tadbir davomida uchrashuv ishtirokchilari – ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ham soʻzga chiqib, muayyan sohadagi hamkorlik qilishga doir navbatdagi tadbirlar haqida oʻz qarashlarini bayon etdilar.
HK yakunlari boʻyicha energetika, neft va gaz sohasi, kimyo va avtomobil sanoati, qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, fan, taʼlim, sport va turizm sohalarida yanada amaliy hamkorlik qilish boʻyicha qator muhim kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Yigʻilish yakunida tadbir davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari aks etgan Oʻzbekiston-Turkmaniston HK 16-yigʻilishi Bayonnomasi imzolandi.