Kun tartibidan oldin ikki davlat delegatsiyalari rahbarlarining — Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Misr tomoni Misrning rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holati va munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari batafsil koʻrib chiqildi. Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari, investitsiyalar jalb etish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha maqsadli yoʻnalishlar belgilab olindi.
Xususan, oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshgani, va bu ijobiy tendensiya joriy yilda ham izchil davom etayotgani qayd etildi. Ip-kalava, neft, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, elektrotexnika jihozlari, agrosanoat mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmatlar hajmi deyarli ikki baravarga oshgani taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda Misr kapitali ishtirokidagi 15 korxona faoliyat koʻrsatib kelyapti. Ayni paytda Misr kompaniyalari tomonidan Oʻzbekiston hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlari, ichimlik suv bilan taʼminlash va oqova tizimlarini modernizatsiya qilish yoʻnalishlarida loyihalar amalga oshirilyapti.
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi oʻrtasidagi Hukumatlararo komissiyaning 7-majlisi doirasidagi ishlarni davom ettirdilar.
Yigʻilishda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan hisobotlari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishni tezlashtirish boʻyicha samarali yechimlar ishlab chiqilib, muddatlar belgilanib, masʼul shaxslar belgilab olindi.
Kun dasturi ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi biznes-forum bilan davom etdi. Xususan, Misr tomonidan El Sewedy Electric, Hassan Allam Holding, ACDIMA, EPICO, Nile sugar, Badawy Group, Masriya machine, Ebtkarat Smart Systems, Solyphar, Al Farouk For Import & Export va boshqa kompaniyalar ishtirok etdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov oʻz kirish soʻzida ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish va mintaqaviy bozorlar sigʻimi, transport-logistika imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida savdo hajmlarini keskin oshirish muhimligini taʼkidladi.
Biznes-forum davomida Oʻzbekistonning hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyati taqdim etildi, raqamli texnologiyalar, taʼlim, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida yuqori sof keltirilgan qiymat koʻrsatkichlariga ega boʻlgan aniq investitsiya tashabbuslari va loyihaviy takliflari taqdim etildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz sarmoyaviy va sanoat salohiyatining asosiy jihatlari haqida soʻz yuritildi.
Dastur doirasida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda tadbirkorlar yangi, foydali aloqalar oʻrnatishga, oʻzaro manfaatli loyihalar va savdo shartnomalarini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.
Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston-Misr hukumatlararo qoʻshma komissiyasining 7-yigʻilishi Bayonnomasi va bir qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi. Ular orasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi texnik hamkorlik, Samarqand viloyati va Aleksandriya viloyati oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik, Misrning Qadimiy Yodgorliklar oliy kengashi va Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi hamkorlik, Ayn-Shams universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va ACDIMA kompaniyasi oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumlari oʻrin olgan, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.