Toshkentda profilaktika inspektori xizmat vaqtida halok boʻldi

    Tashvishli xabar 30 Noyabr 2022 2105

    Katta leytenant N.Bobomurotov tezkor chaqiruv boʻyicha borib, xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida muqaddam sudlangan fuqaro xodimning hayotiga tajovuz qilib, voqea joyidan yashiringan.

    Joriy yilning 30-noyabr kuni soat 00.50 larda Toshkent shahar Olmazor tumani IIO Faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotov tumanning “Gʻalaba” mahallasiga tezkor chaqiruv boʻyicha yetib boradi.

    Xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida muqaddam sudlangan, 1992-yilda tugʻilgan fuqaro B.Z. xodimning hayotiga tajovuz qilib, voqea joyidan yashiringan.

    N.Bobomurotov voqea joyida vafot etgan. Xodimning hayotiga tajovuz qilishda gumonlanayotgan shaxsni qoʻlga olish choralari koʻrilmoqda.

    Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (“Qasddan odam oʻldirish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Voqea tafsilotlari toʻliq oʻrganilgandan soʻng, jamoatchilikka qoʻshimcha maʼlumot beriladi.