Suv tamoqlarida 32 mingdan ortiq, oqova suv tarmoqlarida esa 107 mingdan ko‘p quduqlar bor. Ularning har biriga maxsus temir qopqoqlar (lyuk)lar o‘rnatilgan.

So‘nggi vaqtlarda ana shu temir qopqoqlarning yo‘qolish holatlari juda ko‘p uchramoqda, yaʼni o‘g‘irlab ketilmoqda. Masalan, so‘nggi paytlarda suv tarmoqlaridagi quduqlardan yiliga 2 mingtagacha, oqova suvlardan esa 3 mingtagacha ana shunday qopqoqlar yo‘qolmoqda.

Bu esa “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ uchun qimmatga tushmoqda. Ushbu metall qopqoq jamlamalarining hajmiga ko‘ra o‘rtacha 575 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha xarid qilinadi. Buning natijasida Jamiyat yiliga milliardlab mablag‘larni yo‘qotishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aksariyat o‘g‘irlangan bu kabi qopqoqlar ikkilamchi metallarni qabul qiluvchi shoxobchalarga topshirib yuborilmoqda.

Qopqoqsiz, ochiq qolgan quduqlarga yo‘lovchilar va transport vositalarining tushib ketishi natijasida yana qancha maʼnaviy va moddiy zararlar yuzaga kelmoqda. So‘nggi vaqtlarda qopqoqlarni qisqa payvandlash ham natija bermayapti. Payvandi buzib, olib ketilmoqda.

Aziz yurtdoshlar!

Xalqning mulkiga xiyonat qilib, arzimagan mablag‘ evaziga yon-atrofingizdagilarning maʼnaviy va jisman hamda moddiy zarar ko‘rishlariga, qolaversa, soha korxonasining milliardlab mablag‘lari behuda sovurilishiga yo‘l qo‘yayotganlarga ko‘zingiz tushsa, bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar bering.

O‘rinsiz zararlarning o‘rnini qoplashga sarflanayotgan mablag‘lar sohada xizmat sifatini yaxshilashga sarflansa, suv taʼminotidagi muammolar bir muncha kamaygan bo‘lardi.

Shunday ekan, yon-atrofimizda yuz berayotgan bunday holatlarga befarq boʻlmaylik, deya xabar qiladi “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ Axborot xizmati.