Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumani, Tirsakobod koʻchasida yangi qurilayotgan Doʻmbirobod City hududida yuk koʻtarish minorali krani montaj qilish jarayonida bir tarafga ogʻib, qulagan.
Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, montaj tashkiloti yuk koʻtarish kranida montaj ishlarini olib borayotgan vaqtda, texnik talablarga rioya etmagan. Kranning tayanch oyoqlarini asosga oʻrnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Shu sababli kranning keyingi qismini qoʻyish uchun harakatlanish davrida, kran bir tomonga ogʻib ketgan. Oqibatda kranning asosga qotirilmagan 2 ta oyogʻi koʻtarilib ketib, kran yerga qulaydi.
Baxtsiz hodisa vaqtida kran kabinasida boʻlgan kran boshqaruvchisi qattiq zarbdan vafot etadi.
Shuningdek, kran montajida yordam berayotgan yana ikki ishchi turli tan jarohati bilan kasalxonaga yotkiziladi.
Hozirda holat boʻyicha Sanoat radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan avariya oqibatida sodir boʻlgan guruhiy baxtsiz hodisani texnik jihatdan tekshirish boʻyicha mutaxassislardan iborat komissiya shakllantirilib, oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam oʻlishiga, boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Halok boʻlgan shaxs 25 yoshli L.A. boʻlib, u yollanma ishchi boʻlgan. Turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan ikki fuqaro — I.Q. va M.A. 21 yoshda boʻlib, ular ham yollanma ishchilar boʻlgan.









