Toshkentda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi davom etyapti

    Biznes 10 Dekabr 2024 533

    Joriy yil 10-dekabrda poytaxtimizda Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi koʻmagida tashkil etilgan yarmarka 13-dekabrgacha davom etadi. Har yili oʻtkaziladigan mazkur tadbir davlat, biznes va investorlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash uchun muhim maydoncha sifatida oʻz ahamiyatini tasdiqlayapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov qutlov soʻzida respublika sanoat salohiyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yangi ish oʻrinlari va biznes loyihalarni ishlab chiqishning strategik vositasiga aylangan yarmarkani oʻtkazish muhimligini taʼkidladi.

    Bu yil yarmarkada 4 627 dan ortiq korxonalar qatnashib, 6 mingdan koʻproq turdagi mahsulotni namoyish etilyapti. Ushbu mahsulotlar sanoatning mashinasozlikdan tortib toʻqimachilikgacha, kimyo sanoatidan elektronika mahsulotlarigacha boʻlgan turli sohalarini qamrab oladi. Yarmarka Oʻzbekistonning ichki iqtisodiyotni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash va milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi pozitsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan strategik yoʻnalishini yaqqol aks ettiradi.

    Yarmarkaning muhim yoʻnalishlaridan biri bu tibbiy uskunalar, kimyoviy katalizatorlar va sanoat uskunalari kabi ishlab chiqarilayotgan 80 dan ortiq import qilingan analoglar bilan bemalol raqobat qila oladigan yangi mahsulotlarni ilgari surishdir.

    Tashkilotchilar inklyuzivlik va ijtimoiy masʼuliyatga katta eʼtibor qaratgan. Ilk bor yarmarkada imkoniyati cheklangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlovchi korxonalar uchun maxsus joy ajratildi. Ushbu sektorda 43 ta kompaniya tomonidan 350 dan ortiq mahsulot namoyish etilyapti.

    Yarmarkaning koʻrgazma qismi bilan birga, B2B va B2G formatidagi muzokaralar uchun ham maydon boʻlib xizmat qilyapti. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, umumiy qiymati 6,5 trillion soʻm boʻlgan 2 700 ga yaqin kelishuv imzolanishi kutilyapti. Ushbu kelishuvlar yirik tarmoqlararo loyihalardan tortib, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan xususiy investitsiya tashabbuslarigacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab oladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Yarmarkaning yana bir muhim jihati – bu nafaqat mavjud yutuqlarni, balki Oʻzbekiston sanoatini oʻzgartirishga qaratilgan uzoq muddatli loyihalarni namoyish etishdir. Xususan, 2025-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 80 trillion soʻm boʻlgan 2 158 dan ortiq tashabbuslar taqdim etilyapti. Bu loyihalar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan.