Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi, “Rossiyskiy eksportniy sentr” va “Azia-Invest Bank” aksiyadorlik jamiyatlari rahbariyati vakillari ishtirok etdi.
Vebinar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning joriy holati va ularni yana-da kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mamlakatlarimizning eksport yoki import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur moliyaviy vositalarni ishlab chiqish zarurligi qayt etildi.
O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Rossiya kompaniyalarining tajribasi va muvaffaqiyatlari atroflicha tahlil qilinib, bu boradagi mavjud muammolar ko‘rsatib o‘tildi, ularni hal etish yo‘llari taklif etildi.
O‘zbekistonda (Toshkent shahrida) Rossiya savdo uyi va Rossiyada (Samara shahrida) O‘zbekiston savdo uyini ochish bo‘ycha loyihalarning borishi yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan davlatimiz rahbari belgilab bergan Rossiya bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mahalliy tadbirkorlarga Rossiya bozoriga kirishda ko‘maklashish, Rossiya sarmoyasi va texnologiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.