Toshkentda Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammiti yakunlari muhokamasiga bagʻishlangan Xalqaro konferensiya boshlandi

    Xalqaro hamkorlik 29 Sentabr 2022 2072

    SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan konseptual hujjatlar batafsil koʻrib chiqiladi.

    Bugun Toshkent shahrida gibrid formatda “SHHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qoʻshilgan hissa” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi.

    Tadbir Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan oʻzaro hamkorlikda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi koʻmagida tashkil etilmoqda.

    Anjuman ishtirokchilarini Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, SMTI direktori Eldor Oripov, MOXI rahbari Anvar Nosirov, SHHT Bosh kotining oʻrinbosari Grigoriy Logvinov, SHHT MATT direktori Ruslan Mirzayev qutladi.

    Uchrashuvda konferensiya ishtirokchilari Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammiti yakuni, tashkilot doirasida xavfsizlikni taʼminlash, savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, transport-logistika tizimida oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar munosabatni mustahkamlash kabi masalalar muhokama qiladilar.

    Oʻzbekiston Prezidenti sammit doirasidagi nutqida bildirgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamlik tashabbusiga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Ekspertlar mazkur tashabbusning mohiyati, ahamiyati yuzasidan atroflicha fikr almashadi, gʻoyaning amaliy mazmunini boyitish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    Bundan tashqari, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan konseptual hujjatlar batafsil koʻrib chiqiladi.