Noxush hodisa yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Xabarga koʻra, holat joriy yilning 3-noyabr kuni taxminan soat 9:15 larda, yaʼni tanaffus vaqtida maktab binosining 2-qavatida sodir boʻlgan.

Shu maktabni 2021-yil tamomlagan, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 2004-yilda tugʻilgan T. M. hamda uning doʻsti, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi, 2004-yilda tugʻilgan Gʻ.B. maktabning informatika oʻqituvchisi bilan gap talashib, oʻqituvchiga tan jarohati yetkazib, voqea joyidan qochib ketgan.

Huquqbuzarlik sodir etgan fuqaro T. M. 213-maktabning 9-sinf oʻquvchisi T. M.ning akasi ekani aniqlangan.

Oʻqituvchi S.Ahmedov, M.T.ga 1-chorakda informatika fanini yaxshi oʻzlashtirmagani sababli chorak baho qoʻymasligini aytganidan soʻng, oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. M.T. ushbu holatni akasi T.M.ga aytgan. T.M. vaziyatga oydinlik kiritish uchun oʻrtogʻi B.Gʻ. bilan maktabga kelib, oʻqituvchiga tan jarohati yetkazgan.

Ushbu holatdan xabardor boʻlgan maktab rahbari S.Irgasheva oʻsha zahotiyoq IIOFMB ga xabar bergan.

“Noxush holat boʻyicha hozirgi kunda Mirobod tumani IIOFMB da surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.